воскресенье, 30 ноября 2014 г.



KUMUSH QISH

         

  

        Bolaligimdan qishga mehrim bo'lakcha. Buni ko'p takrorlayverganimdanmi, "Mabodo qishda tug'ilmaganmisiz?" degan savolni ko'p eshitaman. Yo'q, qish fasli ostonasiga atigi bir hafta qolay deganda dunyoga jar solib tug'ilganman. Oyimning aytishlaricha, men tug'ilgan kunda qalin qor yoqqan, havo judayam sovuq, yerlar ustma-ust yoqqan qordan yurib bo'lmas darajada muz bo'lgan ekan. Men ana shunday ayozli kunda tug'ilganman. Balki shuning uchunmi, tug'ilganimdan tiniq, qishning musaffo sovuq nafasini tuyib, kumush faslga mehrim tushib qolgandir.

          Maktab davrimda ham sinfdoshlarim bilan maza qilib, sirpanchiq uchib, qorbo'ron o'ynardik. Qorning yog'ishini barcha bolalar kabi biz sinfdoshlar ham intiqlik  bilan kutganmiz. Qalin qor yoqqan kun biz uchun bayram edi. 

          Esimda, pushtirang qo'lqopim bo'lardi, uni judayam yaxshi ko'rardim. Oyim har doim kiydirib qo'yib, yechmasligimni qattiq tayinlardilar. 

          Hozir ko'plab uylar qurilgan, avvallari keng dala bo'lgan maktabdan qaytishdagi yo'limizda qalin qor ustida yotib, qorbo'ron o'ynab bir-birimizning ichimizni qorga to'ldirardik, yuzlarimiz naqd qip-qizil shaftoliga aylanardi. Qorbo'rondan charchaganimizdan so'ng barchaga tanish multfilm bo'lgan "Sohibjamol va Mahluq" dagi sevimli qahramonimiz Bell qilgandek biz ham kapalak tasvirini qalin qor ustida aks ettirar edik. Kimniki chiroyli chiqsa o'shaniki qolardi. Qolganini buzib tashlardik.

          Yillar o'tdi, ulg'aydik, negadir Universitetda o'qigan paytlarimni eslaganimda ham ko'proq qishki damlar ko'z oldimga kelaveradi.

          Esimda, u bilan 1-uchrashuvimiz ham qishda bo'lgan. Atrof oppoq, qorga burkangan. Qarshimda u, doimgidek o'ziga yarashgan tabassumi bilan. Shunda orqasidan yashirib turgan, men uchun olib kelgan yagona qip-qizil atirgul g'unchasini uzatadi. Xursandligimning cheki yo'q. E'tibordan ham bahtiyorman. Eng muhimi esa u yonimda. Bu holatni sira esimdan chiqarmasam kerak.

          Mana oradan ancha yillar o'tdi. bir emas, bir necha qishni kuzatdik. Ayni damda yana kumush qish bag'ridamiz. Qishginamning yaltiroq, betinim yoqqan qori yana bag'rimni to'ldiradi, xotiralarni qo'zg'aydi, dilga umidlar soladi, yaxshiliklarga yetaklaydi.

          Qorni yaxshi ko'raman. Judayam. Kaftimga soatlab tutib turib, uni tomosha qilgim keladi. Garchi kaftimda erib, mendan qochsada, lahzada bir olam quvonch baxsh eta oladi. Kumush qishimni mana shunday yaxshi ko'raman.

Kumush mitti qor parchalarini undan ziyoda sevgum.


Feruzaxon Boboxonova

среда, 12 ноября 2014 г.



  "Ba Xudo!"


Har yarimta gapida bitta Ollohni qo’shib gapirdiganlardan jahlim chiqadi. Ey banda Ollohni tinch qo’y, san o’zingga javob ber. Nima qilasan har narsaga uni nomini aralashtirib, behuda bezovta qilib. U sani yuragingda bo’lsin yuragingda. Birovlarga e’tiqodingni ko’z-ko’z qilishing uchun emas, yurakdan uni borligini his qilishing kerak.

Haliyam esimda fakultetdan kursdosh qizlar dars tugab uyga qaytayotgan edik, yo’limizda tuppa-tuzuk kiyingan qora-qosh ko’zli kelishgan bola turgandi. U bizga yuzlanib gapira boshlagani sabab besh qiz ham u nima deyarkan deb qaraganimizda: “yaxshimisizlar, iltimos menga yordam berib yuboringlar bor-yo’g’i 3000 so’m kerak, men asli afg’onistondanman, pasportim qolib ketgan, bu yerdan ketolmayabman, uyga qo’ng’iroq qilib uydagilarimga aytishim uchun pul judayam zarur bo’lib qoldi, iltimos qilaman, telefon nomerlaringga keyin qaytib tashlab yuborardim” dedi. Ochig’i binoyidek turishiga qarab hammamiz taajjublandik. Musofir ekan deb, uning ustiga o’g’il bolaning bunaqa yalingannamo turishi judayam ta’sir qildi, rahmimiz keldi. Bir kursdoshim 1000, yana bittasi 2000 berdi. Pulni olgcha, endi telefon nomerlaringni yozib beringlar dedi, kursdoshlarim yo’q qaytarishiz kerakmas deyishdi, keyin u pulni olganidek qattiq xursand bo’lib ketdimi, rahmat aytib, bir qo’lini tepaga ko’tarib “Ba Xudo!” dedi. Boshqalarni bilmadimu bu gapi manga judayam ta’sir qilib ketdi. Rosti manam pul bermaganimga afsuslandim.

Mana shu “Ba Xudo!” degan gapi nimagadur har eslaganimda haliyam qulog’im ostida eshitilib turadi.

Shu voqea bo’ldiyu, oradan ancha vaqt o’tib ketdi. Esimizdan ham chiqib ketgan ekan. Bir kun darsdan  keyin tanaffusda Barno degan kursdoshimiz aytib qoldi “Qizlar esinglardami, anuv kungi afg’on bola borku, qarindoshlarim, jiyanlarim bilan aylanishga chiqqandik, yana oldimizdan chiqib qolib, o’sha kuni bizga nima degan bo’lsa, xuddi o’sha gaplarini aytib pul so’radi, -deb qoldi, – shu gapiga uni boplab so’kdim, indamay ketdi.
Barno kursdoshimiz tabiatan o’g’ilbolasifat qiz edi. Ichidagi gapini shat-shart aytardi. Qizlar: “O’tgan gal pul berganingda sani eslab qololmagan ekanda” deb qoldik.

Qayerdanam eslab qolsin, doimiy soxta tilanchiligi shu bo’lsa, agar bir martalik muhtoj payti yordam qilgan odamni ko’rinishini esdan chiqarmagan bo’lar edi. 

Iltimos qilaman Olloh nomini bunchalik xor qilmang…

понедельник, 10 ноября 2014 г.

Atamanka


Ikkinchi jiyanim garchi qiz bola bo'lsa ham ayrim o'g'il bolalarni "nol"ga qoldiradigan shijoati, shumtakaligi bor. Uni "Atamanka" deyman. Bir joyda umuman o'tirolmaydi. Mabodo bog'lab qo'ysanagiz ham hech bo'lmaganda oyoqlarini patirlatib, tinch turmasa kerak.

Opasidek ovqat tanlamaydi, yegisi kelsa, kelib o'zi yeydi, yoqmasa opasinikini yig'latib bo'lsayam almashtirib oladi. Injiqlik qilish unga mutlaqo yot. Umuman olganda hamma narsani o'z foydasiga hal qilib ketoladigan malades qizcha.
Uning yig'laganini kamdan-kam ko'rishingiz mumkin.

Katakdan xo'rozlardan man qo'rqib ololmagan tuxumlarni bemalol olib chiqadi, ilonni borligini ko'rib man kira olmagan bo'yi qatori beda ekilgan yerga sakrab payhon qilib chiqadimiyey.

Bir gal tovuqlar tuxum tug'maganligini ko'rib, mana senlarga tug'maganing uchun deb suviga tosh to'ldirib qo'yibdi. Bu zig'irdakkina jonning o'ch olishni qayerdan o'rganib olibdikana deb biz kattalar qoyil qoldik ishiga :)
Uyimizda uning "jo'ra"si dadam. Dadam ham uni "do'stim" deb chaqiradilar. Mashinaga chiqib olib "man bobojonim bilan ketaman" deb birga istalgan joyga ketaveradi. Dadam machitga borganlarida esa uni zo'rg'a avrab olib qolamiz.

Umuman olganda domdan hovlida yashash unga yaxshi, biznikidan ketgisi kelmaydi. Magazinimizdan istalgan o'yinchoqni olib o'ynaydi, yegisi kelgan narsani bemalol tanlab olaveradi. Ustiga ustak hamma yaxshi ko'rib erkalasa kimniyam ketgisi kelardi.




Yaqinda dadam mana shu 4 yoshli jiyanimning: "Bobojon Amir Temurni kim o'ldirgan?" deb so'rab qolganini, ular uni birov emas, o'zi qarib o'lganini aytibdilar. Shunda jiyanim "Bobojon sizam o'lasizmi?", "ha, bir kun manam qarib o'laman" degan javobni olgach, "o'lmang" deb ko'zidan yosh chiqib, teskari egilib yig'lab olganini aytib qoldilar. Bu gaplarni ayta turib dadamning ko'zlarida qizirishni sezdim, o'zim ham boshqacha bo'lib ketdim.


Esimda bundan 18yil oldin, uyimiz pasti podvol qismida oshxonamiz joylashgan bo'lib, chap tomonda tapchan(bizda shunday deyishadi, boshqalarda bilmadim) bor edi. Ovqatlarni ayam bilan birga qilardik.

Mani yordamim: tinmay gapirardim, savol berardim, ayam oshxona ishlarini qilardilar.O'shanda tapchanda o'ynab o'tirib, bir savolni berganman, buni birov aytmagan bo'lsayam qanday va qayerdan kelgainin bilmadimu, lekin o'ksib-o'ksib yig'laganim haliyam esimda.

"Ayajon man katta bo'lsam keyin siz o'lasizmi, man bir o'zim qolib ketamanmi?", Ayamdan yo'q degan javobni kutganmiman yoki onalar bir umr bolalari uchun boqiy yashaydi deb o'ylaganmiman, oldin manga qarab, sekin jilmayib "ha qizim" degan javobni eshitganimda tapchanimizga ikki kaftim ustiga boshimni qo'yib olib titrab-titrab, nafaslarim ichimga tushib yig'laganlarim haliyam esimda. O'shanda ayam oldimga kelib, "Ungacha ohhooo aaancha yil bor qizim, ko'p yashayman, san bor bo'lsan, man bor bo'laman, qarib kampircha bo'lib qolganimda mani ko'rgani kelib turasin" degandilar.

2-3 oyni hisobga olmaganda man deyarli bog'chaga bormaganman. Uyda faqat ikkalamiz bo'lardik. Ayam hindcha qo'shiqlarni zo'r aytardilar, ko'p eshitganlarimni ba'zan o'zimcha buzib bo'lsayam "po fonom" qo'shilishib kuylardim.

Har safar qozonda ovqatdan oldin qovurgan go'sht bo'lakchalaridan sho'rtakkina qilib manga berardilar. Ish qila turib ham man bilan gaplashib she'rlar yodlatardilar. Maktabga erta chiqishimga asosiy sabab aynan ayam bo'ladilar.

Ayajonim ba'zi onalarga o'xshab ko'chada soatlab xotinlar bilan gaplashib o'tirmasdilar. Butun e'tiborlari farzandlarida edi. Xuddi akam, opam kabi mangayam yozishni, rasm chizishni o'zlari o'rgatganlar. Maktabga tap-tayyor bo'li borganman.

Hozirda rasmlarni yaxshi chiza olishimdayam ayamning hissalari katta. Opam va akam maktabga kelishguncha ularga atab kulgili she'rlar yozardik. To'g'ri shoirlarnikidek o'ta qofiyabop bo'lmasayam ammo zo'r chiqardi. Ular maktabdan kelishganda o'qib mazza qilib kulardik.

Ayajonim juda ta'sirchanlar. O'sha paytlari Ohunjon Madaliyevni ko'p eshitardik. Adashmasam bahorning oxirgi oyi, yoki iyundami ko'rpacha qavib o'tirib, Ohunjonning o'lgan bolasi Javohirga atab

"Javohirim jon tomirim,
So'zlaringni sog'indim men.
Bir juftgina ko'zmunchoqdek,
Ko'zlaringni sog'indim men."


ashulasini eshitib, ukam uchun atab qo'ygan ismdan voz kechgandilar.

Oramizda 7yil farq bilan iyul oxirida ukam tug'ildi. Unga boshqa ism qo'ydilar. Haya maniyam ismimni ayam qo'yganlar. Ko'zlari chiroyli, yuzlari tip-tiniq bir qizga judayam havaslari ketib unga o'xshashimni xohlabmi uning ismini manga qo'yganlar.

Ayamni sog'indim. Bularni yoza turib sog'inchim yanayam oshib ketdi. Sog'inib ko'ra olmaslik biram azobki. Buni telefon qo'ng'irog'iyam bosolmaydi. Bag'irlari, ona quchog'i kerak.


Eng yoqimli, eng ajoyib, eng masrur va eng eng eng yaxshi va unutilmas beg'ubor damlarim o'sha paytda kechgan. O'sha paytdan qolgan hatto xotiralarimni ham tillolarga alishmayman.

Bu (livejournal) jonli jurnaldagi ilk postim, nimani o'ylagan, nimani sog'ingan bo'lsam faqat shularni yozdim. Rosti bolaligimni judayam sog'indim. Judayam. Buni qanchalik ekanligini so'z bilan ifodalay olmayman. Imkoniyat bo'lganda ikkilanmay bir fursat qaytib, diydoriga to'ysam, sog'inchim qonsa.


Garchi uzoqda bo'lsam ham ayajonimni o'zing asragin, umrlarini ziyoda qilgin. Olti yil o'qitib, aqalli bir oy rohatimni ko'rmay darrov uzatib, o'zlarini o'ylamay, doim bolam kulsin, bolam baxtli yashasin deb harakat qiladigan ayajonimni umrlarini ziyoda qilgin.

Bolaligimda aytganimdek "Sizni osmongacha, toqqacha yaxshi ko'raman!"

воскресенье, 9 ноября 2014 г.

Qishki ta’til (yo’l ocherki)


 


Har gal shunaqa ta’tilga oz fursat qoldi deguncha, garchi uyimni qattiq sog’ingan bo’lsamda Toshkentni tashlab ketgim kelmaydi. Qachon dekabr oxirlarkan deb kun sanayotgan qiz, go’yo men emasdek…

Yo’l tadorigini ko’rib, narsalarimni tayyorlar ekanman, kechagi kun ko’z oldimdan birma-bir o’ta boshladi.

3oylik maosh. Soxta muharrir, chayqovchi.

Yangi yil munosabati bilan ishxonamiz jamoasiga atab muasissimiz tomonidan katta dasturxon yozildi, ancha-muncha ko’zga ko’ringan taniqli mehmonlar tashrif buyurib, jonli ijro, yaxshigina o’yin-kulgu ham bo’ldi. Bir so’z bilan aytganda hammamiz mazza qilib dam oldik. Bu xursandchilikning kulminatsiyasi bu bayramdan keyingi 3 oylik maoshimizni olish edi. Har galgidek muharririmiz bermoqchi bo’lgan maoshimizni xonada turganligini aytdi. Nafasidan shundoq ichkilikning hidi ufurib turardi. Lafzini ushlolmaydigan bu odamning ahvoli bir qur miyamda unga nisbatan shakllangan salbiy sifatlar sonini yana bittaga ko’paytirib yubordi.

Xullas, har safargi quruq va’daga o’xshasada, bir olam umid bilan kech bo’lishiga qaramay, ishxona tomon hamkasblar bilan birga yo’l oldik. Afsus, eski hammom eski toz. Yana yolg’on va’da xonada hechqanaqa oylik olib kelinmagan, buni sezdirmaslik va umuman berish niyatida bo’lmagan bu odam hech qilmagan ishini qilib yubordi: shuncha payt esiga kelmagan, ahvol qanday deb qiziqmagan muharririmiz bafurja o’tirvolib, hamma mayda-cho’ydasigacha o’zicha kamchiliklarni ochib-sochib tashladi. Boshida sezilmagandi, endi gaplaridan aniq bildimki, bu vijdonsiz odamning yana bir nayrangi, maoshni bermaslik uchun ayni o’ylab topgan yana bir usuli edi. 

Xiyla.

Bo’lmasa shu kunga qadar ahvol bilan qiziqmagan odam, birdaniga osmondan tushgandek bayram kuni boshimizga g’urbat yog’dirib o’tiribdi. “Unday qilmagansan, bunday qilmagansan”. “Shuncha payt qayerda eding?” deydigan odam yo’q! U aytgan gaplarni boshida jim eshitdim, tabiatan nohaqlikni ko’tarolmayman, picha chidadimu keyin menam uning gaplariga isbot-dalil keltirib, dizaynerning pulini bermagani uchun u ham o'z ishini vaqtida qilmagani, gazeta ishini rezinkadek cho'zgan aynan o'zi ekanligi, ishga kelmay "Ippodrom" bozorida o'z biznesi bilan andarmon bo'lib, bir ishni eplolmay ustiga bizniyam vaqtimizni o'g'irlaganini shartta-shartta aytdim. Yo’q, u bilan murosaga kelib bo’lmadi. Aybni hammasini bizga to’nkab tashladi. Oldin kayfiyatim, keyin asabim buzildi. Xullas, oxirida ortiq chidolmadim, narsalarimni oldimu “oyliging boshingdan qolsin” deya chiqib ketdim. Yo’lma-yo’l hamma aytgan gaplari bir-bir miyamdan o’tar ekan, ketgan vaqtimga, qadrimga achindim. Xulosam shu bo’ldiki: fidoiylik vijdonsizlar qo’lida hechqachon qadrlanmas ekan.

Xullas, uyga qaytganimdan keyin viloyatdagi uyimga ketishga qaror qildim. Ortiq bu yerda qolgim kelmay qoldi. Taksi chaqirdim. Hamma hayron “Ketish niyating yo’q ediku?”. Shunday odatim bor: har safar miyamga bir fikr keldimi, uni amalga oshirmay qo’ymayman. Hechkim qaytarolmaydi. Uyga ketish harakati bilan hamma narsalarimni sumkaga joylab, zumda tap-tayyor bo’ldim. Telefonim jiringlab qoldi. Ayamga borishimni, yo’lga chiqayotganimni aytdim. “Ishingni tugatdingmi, buncha yaxshi, qaytasanmi qizim?” ovozlaridan xursandliklari shundoq bilinib turardi, rosti meniyam kayfiyatim ko’tarildi. Seni kimdir sog’inib kutib tursa, inson kerak ekanligini his qilishi naqadar baxt. Oldinlari ham ta’til kelishini kun sanab, mendanam ko’proq kutgan ayajonim bo’lsalar kerak!

Viloyatlaro xayol.


Taksi keldi, mashinaga narsalarimni joyladik. Sergelidan yan ikkita talabani olib, yo’lga tushdik. Orada yaqinda tanishgan do’stim “OriyatDono” radiosida ishlashi va bugun efiri borligi esimga tushib ketdi. Mana soat ikki bo‘lishiga oz vaqt bor. Naushniklarni telefonga uladim va kuta boshladim. Aksiga to’lqin tiniq olmadi. Ovozini yanayam yaxshiroq eshitay deb, bir qo’limda telefonimni ko’tarib antenna qidira boshladim. Befoyda. Keyin so’rab bilsam, biroz tiniq emasligiga sabab: radioning 75metrli o’z antennasi bo’lib, stansiya hovlisida qurilgan, boshqa radiolarga o’xshab, ijaraga Teleminora yuqorisiga o’rnatilmagan ekan. Sergelidan o’tib, katta yo’lga chiqarkanmiz, har doimgidek eson-omon yetib olish uchun duoga qo’l ochdik. Xudo yo’limizni bexatar qilsin… Omin.

Uzoq manzilga ketishning o’zgacha gashti bor, soatlab mashina oynasidan atrofga qarab, istaganingcha xayol surishing mumkin. Butun umringni sarhisobini qilishinggada yetadigan vaqt bor. Kechagi voqeani eslamaslikka harakat qildim. Chalg’ish maqsadida sheriklarimni kuzatdim. 

Yonimda bir qiz va uning yonida bir bola, kursdoshlar ekan. Yo’l-yo’lakay sezdimki, ikkalasining ham bir-biriga ko’ngli bor. Ularning suhbati qizib ketdi, biri qaysi fanini yopish qancha tandir go’shti olib borganini aytsa, biri “tanka”si kimligini va qanaqa yordam berganini aytib maqtanib yotibdi. Ularni eshitaturib, ichimda ensam qotadi. Biz o’qiganimizda biror domlaga bir so’m bermagandik, senlar o’zing o’qimasang kerak. O’zimcha xulosa qilaman. Har holda man magistrant, ular esa hali 1-kurs, ularga nisbatan ko’proq kiyim yirtganman. Xulosamdan kulgum qistaydi. Shularni o’ylab xayol qilarkanman: qizning birdan qo’rqqan ovozi xayollarimni tarqatib yubordi. Yonidagi bola qo’l telefonidan qo’rqinchli video ko’rsatgan shekilli. Kulgim keldi. Ular tomon qaraganimgami, “sizam ko’ring” deb, telefonni uzatishdi. Ko’rdim haqiqatan, oxirida menam, biroz qo’rqdim. Shu orada ular bilan tanishishga fursat bo’ldi. …Aytishdi, manga esa “Yosh ko’rinar ekansiz, kichkina kurssiz deb o’ylagandek” deb, deyarli ko’pchilikdan eshitadigan gapimni aytishdi. Javoban kulib qo’yaqoldim.

Non. Qovun. Yulduz Usmonova.

Ana mana deb Sirdaryoga ham yetib keldik. Sirdaryoning qovunlari, xuddi Samarqand nonlaridek dunyoga mashhur. Ularni tomosha qilib o’tib ketarkanmiz, “juda shirin bo’lsa kerak”, o’zimcha xayol qilaman yam-yashil bodringdek qovunlarga qarab, lekin ayni damda havo sovuqligi qovun sotib olish ishtiyoqimni so’ndiradi. Qovun bo’lagini yeyishni bir tasavvur qilib ko’rdim, qildimu tishlarim yaxlab qoldi. Sirdaryoniyam ortda qoldirib Jizzax tog’laridan o’tamiz, telefonimga qarab qo’yaman, antenna yo’qoldi. Mashinada esa Y.Usmonova “Gulisan” deb jon-jahdi bilan kuylayapti. Eshitgandim, Yulduz aynan shu qo’shig’ini ayrim manfaat yuzasidan aytgandi deb, aksiga u najot izlagan odam o’zi najotga muhtoj ahvolga tushib qoldi. Essiz, o’ylagani besamar qolib ketdida… 

Tag’inam xudo biladi, balki unaqa emasdir. Birma-bir shularni xayol etar ekanman, orada biroz mizg’ib ham olibman. Endi biz Samarqandning non bozoridan ham o’tib, uning purviqor tog’lariga duch kelib qolgandik. Bu yerning havosi butkul farq qilardi, qor shunaqangi bo’ralab yog’ar, qalin tuman, sirpanchiq yo’l, agar mashina bir muddat to’xtasa pastda qolib ketishi muqarrar edi. Katta tezlik va xushyorlik bilan, tog’ning o’rtasi, eng yuqori nuqtasiga chiqib oldik.
 
 
Pereval.
Men endi qoyil, shuncha mashinalar qolib ketganini ko’rdik, bizniki chiqib ketdi deb xursand bo’lib turgandim, aslida dahshatlisi endi oldinda ekanligini xayolimga ham keltirmagandim. Ozroq tin olaylik, endi yuramiz deb qo’zg’algandik ham, shofyorning noto'g'ri harakati, tezlik bilan tormozni bosishi oqibatida mashina sirpanib, aylanib ketib, teskari yo’nalishga o’tib qoldik. Haydovchimiz dahshatga tushib, bizning ham ovozimiz chiqmay qoldi. tog'ning qirrasiga kelib qolgandik. Haliyam Xudo asradi. Tushib ketsak, sog' emas tirik  qolmasligimiz turgan gap edi.  Shofyor ko’p avtohalokatga uchragan, ayni damda yana bir nima bo’lishidan qo’rqib, “umuman haydamayman” deb turib oldi. Yaxshiki mashina baloni yangi, uni ustiga zanjir kiydirilgan bo’lsada, dahshatli avtohalokatlar uni qattiq qo’rquvga solib qo’ygandi, chamamda. O'ziyam tog’ning qoq tepasidamiz. 

Shu payt “Oq Lasetti” o’tib, rulni boshqarolmay yonginamizdan o’tib, pastga bir oyogi tushib ketdi. Buni ko’rib, qo'rqanimdan gapirib yubordim: “ey Xudoyim!” Yigirmatacha odam tezlik bilan yugurib borib, uni itarisha boshlashdi, ancha urinishdan keyin shukrki chiqarib olishdi. Ko’z oldimizda bir nechta mashinalarning bu ahvolini ko’rib, yurish yoki yurmasligimizni bilmay qoldik. Ikki soatdan ko’p vaqt qolib ketdik. Birov kelib, pastda 9tacha mashina bir-biriga chunonam urilganki, ular ketma-ket zanjirdek bo’lib yotipti dedi. 

Baxtni qarangki, biz turgan joyda antenna bor, uydagilar tinmay qo’ng’iroq qilib, ahvolni so’rab surishtirib turishipti. Aksiga ularniyam o’ylovga qo’ydim deb ichimda o’ylayman. Hadeb o’tiravergandan ezilib ham ketdi odam. Sovuq bo’lsada, yo’lda mashina yo’qligiga qarab, eshikni oldin qiya ochib, keyin o’zim ham tushib, tashqarida biroz yurdim. Haydovchining o’g’li kelmaguncha shu zaylda o’tirdik. U kelgach, o’g’li: “o’zim haydayman”, — dedi, hartugul endi yana yura boshladik, naqd bir yarim soat deganda pastga tushdik va “Men mashinada o’tirolmayman, qo’rqyapman, o’zim piyoda tushaman”, deb tepada qolgan haydovchi amakini pastda kuta boshladik. Kuchli stress uni dahshatga solib qo’ygandi. Yana “Bismilloh” deb yo’lga tushdik.

 Butun fikri xayolim uyga tez va eson-omon yetib borish va oyoqni uzatib dam olish edi. Chunki 9soatdan beri harakatlanmagan oyoq-qo’llarim qotib qolgan, ustiga-ustak qornim judayam och edi. Telefon tinmas, yaqinlashib qoldinglarmi degan gapni takror eshitardim, telefonim ham 9 soatlik uzlatga dosh berolmay, zaryadini yo’qotgan, qip-qizarib qolgan edi.

Diydor.

Va nihoyat, 10 soat deganda Shahrisabzga kirib keldik, uyim tomon yo’l olarkanmiz. Ichimda shukrona keltirardim. “Xudoga shukr, O’zingga shukr Xudoyim”. Soatga qarayman 00:07, 14larda chiqqandik yo’lga, naqd 10 soatda kelibmiz. Bunaqasi aslo bo’lmagan. Haqiqiy sensatsion ko’rinish. Qoyil, besh soatli yo’lni ikki barobar ko’p vaqtda bosib o’tibmiz. Darvozani dadam ochdilar, ko’rishdik, bag’irlarida o’zimni biram bexavotir va himoyada sezdimki hammasi esimdan chiqip ketdi. Uyga kirarkanman, ayajonim haliyam kutib uxlamagan ekanlar, yaxshilab diydor ko’rishib bo’lgach, manga atalgan o’ringa o’zimni tashladim. Bir qur miyamdan kecha va bugungi kundagi hamma voqealar ko’z oldimdan o’tdiyu, qattiq charchoqdan uyquga ketdim.

29.12.2013.