воскресенье, 30 ноября 2014 г.



KUMUSH QISH

         

  

        Bolaligimdan qishga mehrim bo'lakcha. Buni ko'p takrorlayverganimdanmi, "Mabodo qishda tug'ilmaganmisiz?" degan savolni ko'p eshitaman. Yo'q, qish fasli ostonasiga atigi bir hafta qolay deganda dunyoga jar solib tug'ilganman. Oyimning aytishlaricha, men tug'ilgan kunda qalin qor yoqqan, havo judayam sovuq, yerlar ustma-ust yoqqan qordan yurib bo'lmas darajada muz bo'lgan ekan. Men ana shunday ayozli kunda tug'ilganman. Balki shuning uchunmi, tug'ilganimdan tiniq, qishning musaffo sovuq nafasini tuyib, kumush faslga mehrim tushib qolgandir.

          Maktab davrimda ham sinfdoshlarim bilan maza qilib, sirpanchiq uchib, qorbo'ron o'ynardik. Qorning yog'ishini barcha bolalar kabi biz sinfdoshlar ham intiqlik  bilan kutganmiz. Qalin qor yoqqan kun biz uchun bayram edi. 

          Esimda, pushtirang qo'lqopim bo'lardi, uni judayam yaxshi ko'rardim. Oyim har doim kiydirib qo'yib, yechmasligimni qattiq tayinlardilar. 

          Hozir ko'plab uylar qurilgan, avvallari keng dala bo'lgan maktabdan qaytishdagi yo'limizda qalin qor ustida yotib, qorbo'ron o'ynab bir-birimizning ichimizni qorga to'ldirardik, yuzlarimiz naqd qip-qizil shaftoliga aylanardi. Qorbo'rondan charchaganimizdan so'ng barchaga tanish multfilm bo'lgan "Sohibjamol va Mahluq" dagi sevimli qahramonimiz Bell qilgandek biz ham kapalak tasvirini qalin qor ustida aks ettirar edik. Kimniki chiroyli chiqsa o'shaniki qolardi. Qolganini buzib tashlardik.

          Yillar o'tdi, ulg'aydik, negadir Universitetda o'qigan paytlarimni eslaganimda ham ko'proq qishki damlar ko'z oldimga kelaveradi.

          Esimda, u bilan 1-uchrashuvimiz ham qishda bo'lgan. Atrof oppoq, qorga burkangan. Qarshimda u, doimgidek o'ziga yarashgan tabassumi bilan. Shunda orqasidan yashirib turgan, men uchun olib kelgan yagona qip-qizil atirgul g'unchasini uzatadi. Xursandligimning cheki yo'q. E'tibordan ham bahtiyorman. Eng muhimi esa u yonimda. Bu holatni sira esimdan chiqarmasam kerak.

          Mana oradan ancha yillar o'tdi. bir emas, bir necha qishni kuzatdik. Ayni damda yana kumush qish bag'ridamiz. Qishginamning yaltiroq, betinim yoqqan qori yana bag'rimni to'ldiradi, xotiralarni qo'zg'aydi, dilga umidlar soladi, yaxshiliklarga yetaklaydi.

          Qorni yaxshi ko'raman. Judayam. Kaftimga soatlab tutib turib, uni tomosha qilgim keladi. Garchi kaftimda erib, mendan qochsada, lahzada bir olam quvonch baxsh eta oladi. Kumush qishimni mana shunday yaxshi ko'raman.

Kumush mitti qor parchalarini undan ziyoda sevgum.


Feruzaxon Boboxonova

Комментариев нет:

Отправить комментарий