воскресенье, 9 ноября 2014 г.

Qishki ta’til (yo’l ocherki)


 


Har gal shunaqa ta’tilga oz fursat qoldi deguncha, garchi uyimni qattiq sog’ingan bo’lsamda Toshkentni tashlab ketgim kelmaydi. Qachon dekabr oxirlarkan deb kun sanayotgan qiz, go’yo men emasdek…

Yo’l tadorigini ko’rib, narsalarimni tayyorlar ekanman, kechagi kun ko’z oldimdan birma-bir o’ta boshladi.

3oylik maosh. Soxta muharrir, chayqovchi.

Yangi yil munosabati bilan ishxonamiz jamoasiga atab muasissimiz tomonidan katta dasturxon yozildi, ancha-muncha ko’zga ko’ringan taniqli mehmonlar tashrif buyurib, jonli ijro, yaxshigina o’yin-kulgu ham bo’ldi. Bir so’z bilan aytganda hammamiz mazza qilib dam oldik. Bu xursandchilikning kulminatsiyasi bu bayramdan keyingi 3 oylik maoshimizni olish edi. Har galgidek muharririmiz bermoqchi bo’lgan maoshimizni xonada turganligini aytdi. Nafasidan shundoq ichkilikning hidi ufurib turardi. Lafzini ushlolmaydigan bu odamning ahvoli bir qur miyamda unga nisbatan shakllangan salbiy sifatlar sonini yana bittaga ko’paytirib yubordi.

Xullas, har safargi quruq va’daga o’xshasada, bir olam umid bilan kech bo’lishiga qaramay, ishxona tomon hamkasblar bilan birga yo’l oldik. Afsus, eski hammom eski toz. Yana yolg’on va’da xonada hechqanaqa oylik olib kelinmagan, buni sezdirmaslik va umuman berish niyatida bo’lmagan bu odam hech qilmagan ishini qilib yubordi: shuncha payt esiga kelmagan, ahvol qanday deb qiziqmagan muharririmiz bafurja o’tirvolib, hamma mayda-cho’ydasigacha o’zicha kamchiliklarni ochib-sochib tashladi. Boshida sezilmagandi, endi gaplaridan aniq bildimki, bu vijdonsiz odamning yana bir nayrangi, maoshni bermaslik uchun ayni o’ylab topgan yana bir usuli edi. 

Xiyla.

Bo’lmasa shu kunga qadar ahvol bilan qiziqmagan odam, birdaniga osmondan tushgandek bayram kuni boshimizga g’urbat yog’dirib o’tiribdi. “Unday qilmagansan, bunday qilmagansan”. “Shuncha payt qayerda eding?” deydigan odam yo’q! U aytgan gaplarni boshida jim eshitdim, tabiatan nohaqlikni ko’tarolmayman, picha chidadimu keyin menam uning gaplariga isbot-dalil keltirib, dizaynerning pulini bermagani uchun u ham o'z ishini vaqtida qilmagani, gazeta ishini rezinkadek cho'zgan aynan o'zi ekanligi, ishga kelmay "Ippodrom" bozorida o'z biznesi bilan andarmon bo'lib, bir ishni eplolmay ustiga bizniyam vaqtimizni o'g'irlaganini shartta-shartta aytdim. Yo’q, u bilan murosaga kelib bo’lmadi. Aybni hammasini bizga to’nkab tashladi. Oldin kayfiyatim, keyin asabim buzildi. Xullas, oxirida ortiq chidolmadim, narsalarimni oldimu “oyliging boshingdan qolsin” deya chiqib ketdim. Yo’lma-yo’l hamma aytgan gaplari bir-bir miyamdan o’tar ekan, ketgan vaqtimga, qadrimga achindim. Xulosam shu bo’ldiki: fidoiylik vijdonsizlar qo’lida hechqachon qadrlanmas ekan.

Xullas, uyga qaytganimdan keyin viloyatdagi uyimga ketishga qaror qildim. Ortiq bu yerda qolgim kelmay qoldi. Taksi chaqirdim. Hamma hayron “Ketish niyating yo’q ediku?”. Shunday odatim bor: har safar miyamga bir fikr keldimi, uni amalga oshirmay qo’ymayman. Hechkim qaytarolmaydi. Uyga ketish harakati bilan hamma narsalarimni sumkaga joylab, zumda tap-tayyor bo’ldim. Telefonim jiringlab qoldi. Ayamga borishimni, yo’lga chiqayotganimni aytdim. “Ishingni tugatdingmi, buncha yaxshi, qaytasanmi qizim?” ovozlaridan xursandliklari shundoq bilinib turardi, rosti meniyam kayfiyatim ko’tarildi. Seni kimdir sog’inib kutib tursa, inson kerak ekanligini his qilishi naqadar baxt. Oldinlari ham ta’til kelishini kun sanab, mendanam ko’proq kutgan ayajonim bo’lsalar kerak!

Viloyatlaro xayol.


Taksi keldi, mashinaga narsalarimni joyladik. Sergelidan yan ikkita talabani olib, yo’lga tushdik. Orada yaqinda tanishgan do’stim “OriyatDono” radiosida ishlashi va bugun efiri borligi esimga tushib ketdi. Mana soat ikki bo‘lishiga oz vaqt bor. Naushniklarni telefonga uladim va kuta boshladim. Aksiga to’lqin tiniq olmadi. Ovozini yanayam yaxshiroq eshitay deb, bir qo’limda telefonimni ko’tarib antenna qidira boshladim. Befoyda. Keyin so’rab bilsam, biroz tiniq emasligiga sabab: radioning 75metrli o’z antennasi bo’lib, stansiya hovlisida qurilgan, boshqa radiolarga o’xshab, ijaraga Teleminora yuqorisiga o’rnatilmagan ekan. Sergelidan o’tib, katta yo’lga chiqarkanmiz, har doimgidek eson-omon yetib olish uchun duoga qo’l ochdik. Xudo yo’limizni bexatar qilsin… Omin.

Uzoq manzilga ketishning o’zgacha gashti bor, soatlab mashina oynasidan atrofga qarab, istaganingcha xayol surishing mumkin. Butun umringni sarhisobini qilishinggada yetadigan vaqt bor. Kechagi voqeani eslamaslikka harakat qildim. Chalg’ish maqsadida sheriklarimni kuzatdim. 

Yonimda bir qiz va uning yonida bir bola, kursdoshlar ekan. Yo’l-yo’lakay sezdimki, ikkalasining ham bir-biriga ko’ngli bor. Ularning suhbati qizib ketdi, biri qaysi fanini yopish qancha tandir go’shti olib borganini aytsa, biri “tanka”si kimligini va qanaqa yordam berganini aytib maqtanib yotibdi. Ularni eshitaturib, ichimda ensam qotadi. Biz o’qiganimizda biror domlaga bir so’m bermagandik, senlar o’zing o’qimasang kerak. O’zimcha xulosa qilaman. Har holda man magistrant, ular esa hali 1-kurs, ularga nisbatan ko’proq kiyim yirtganman. Xulosamdan kulgum qistaydi. Shularni o’ylab xayol qilarkanman: qizning birdan qo’rqqan ovozi xayollarimni tarqatib yubordi. Yonidagi bola qo’l telefonidan qo’rqinchli video ko’rsatgan shekilli. Kulgim keldi. Ular tomon qaraganimgami, “sizam ko’ring” deb, telefonni uzatishdi. Ko’rdim haqiqatan, oxirida menam, biroz qo’rqdim. Shu orada ular bilan tanishishga fursat bo’ldi. …Aytishdi, manga esa “Yosh ko’rinar ekansiz, kichkina kurssiz deb o’ylagandek” deb, deyarli ko’pchilikdan eshitadigan gapimni aytishdi. Javoban kulib qo’yaqoldim.

Non. Qovun. Yulduz Usmonova.

Ana mana deb Sirdaryoga ham yetib keldik. Sirdaryoning qovunlari, xuddi Samarqand nonlaridek dunyoga mashhur. Ularni tomosha qilib o’tib ketarkanmiz, “juda shirin bo’lsa kerak”, o’zimcha xayol qilaman yam-yashil bodringdek qovunlarga qarab, lekin ayni damda havo sovuqligi qovun sotib olish ishtiyoqimni so’ndiradi. Qovun bo’lagini yeyishni bir tasavvur qilib ko’rdim, qildimu tishlarim yaxlab qoldi. Sirdaryoniyam ortda qoldirib Jizzax tog’laridan o’tamiz, telefonimga qarab qo’yaman, antenna yo’qoldi. Mashinada esa Y.Usmonova “Gulisan” deb jon-jahdi bilan kuylayapti. Eshitgandim, Yulduz aynan shu qo’shig’ini ayrim manfaat yuzasidan aytgandi deb, aksiga u najot izlagan odam o’zi najotga muhtoj ahvolga tushib qoldi. Essiz, o’ylagani besamar qolib ketdida… 

Tag’inam xudo biladi, balki unaqa emasdir. Birma-bir shularni xayol etar ekanman, orada biroz mizg’ib ham olibman. Endi biz Samarqandning non bozoridan ham o’tib, uning purviqor tog’lariga duch kelib qolgandik. Bu yerning havosi butkul farq qilardi, qor shunaqangi bo’ralab yog’ar, qalin tuman, sirpanchiq yo’l, agar mashina bir muddat to’xtasa pastda qolib ketishi muqarrar edi. Katta tezlik va xushyorlik bilan, tog’ning o’rtasi, eng yuqori nuqtasiga chiqib oldik.
 
 
Pereval.
Men endi qoyil, shuncha mashinalar qolib ketganini ko’rdik, bizniki chiqib ketdi deb xursand bo’lib turgandim, aslida dahshatlisi endi oldinda ekanligini xayolimga ham keltirmagandim. Ozroq tin olaylik, endi yuramiz deb qo’zg’algandik ham, shofyorning noto'g'ri harakati, tezlik bilan tormozni bosishi oqibatida mashina sirpanib, aylanib ketib, teskari yo’nalishga o’tib qoldik. Haydovchimiz dahshatga tushib, bizning ham ovozimiz chiqmay qoldi. tog'ning qirrasiga kelib qolgandik. Haliyam Xudo asradi. Tushib ketsak, sog' emas tirik  qolmasligimiz turgan gap edi.  Shofyor ko’p avtohalokatga uchragan, ayni damda yana bir nima bo’lishidan qo’rqib, “umuman haydamayman” deb turib oldi. Yaxshiki mashina baloni yangi, uni ustiga zanjir kiydirilgan bo’lsada, dahshatli avtohalokatlar uni qattiq qo’rquvga solib qo’ygandi, chamamda. O'ziyam tog’ning qoq tepasidamiz. 

Shu payt “Oq Lasetti” o’tib, rulni boshqarolmay yonginamizdan o’tib, pastga bir oyogi tushib ketdi. Buni ko’rib, qo'rqanimdan gapirib yubordim: “ey Xudoyim!” Yigirmatacha odam tezlik bilan yugurib borib, uni itarisha boshlashdi, ancha urinishdan keyin shukrki chiqarib olishdi. Ko’z oldimizda bir nechta mashinalarning bu ahvolini ko’rib, yurish yoki yurmasligimizni bilmay qoldik. Ikki soatdan ko’p vaqt qolib ketdik. Birov kelib, pastda 9tacha mashina bir-biriga chunonam urilganki, ular ketma-ket zanjirdek bo’lib yotipti dedi. 

Baxtni qarangki, biz turgan joyda antenna bor, uydagilar tinmay qo’ng’iroq qilib, ahvolni so’rab surishtirib turishipti. Aksiga ularniyam o’ylovga qo’ydim deb ichimda o’ylayman. Hadeb o’tiravergandan ezilib ham ketdi odam. Sovuq bo’lsada, yo’lda mashina yo’qligiga qarab, eshikni oldin qiya ochib, keyin o’zim ham tushib, tashqarida biroz yurdim. Haydovchining o’g’li kelmaguncha shu zaylda o’tirdik. U kelgach, o’g’li: “o’zim haydayman”, — dedi, hartugul endi yana yura boshladik, naqd bir yarim soat deganda pastga tushdik va “Men mashinada o’tirolmayman, qo’rqyapman, o’zim piyoda tushaman”, deb tepada qolgan haydovchi amakini pastda kuta boshladik. Kuchli stress uni dahshatga solib qo’ygandi. Yana “Bismilloh” deb yo’lga tushdik.

 Butun fikri xayolim uyga tez va eson-omon yetib borish va oyoqni uzatib dam olish edi. Chunki 9soatdan beri harakatlanmagan oyoq-qo’llarim qotib qolgan, ustiga-ustak qornim judayam och edi. Telefon tinmas, yaqinlashib qoldinglarmi degan gapni takror eshitardim, telefonim ham 9 soatlik uzlatga dosh berolmay, zaryadini yo’qotgan, qip-qizarib qolgan edi.

Diydor.

Va nihoyat, 10 soat deganda Shahrisabzga kirib keldik, uyim tomon yo’l olarkanmiz. Ichimda shukrona keltirardim. “Xudoga shukr, O’zingga shukr Xudoyim”. Soatga qarayman 00:07, 14larda chiqqandik yo’lga, naqd 10 soatda kelibmiz. Bunaqasi aslo bo’lmagan. Haqiqiy sensatsion ko’rinish. Qoyil, besh soatli yo’lni ikki barobar ko’p vaqtda bosib o’tibmiz. Darvozani dadam ochdilar, ko’rishdik, bag’irlarida o’zimni biram bexavotir va himoyada sezdimki hammasi esimdan chiqip ketdi. Uyga kirarkanman, ayajonim haliyam kutib uxlamagan ekanlar, yaxshilab diydor ko’rishib bo’lgach, manga atalgan o’ringa o’zimni tashladim. Bir qur miyamdan kecha va bugungi kundagi hamma voqealar ko’z oldimdan o’tdiyu, qattiq charchoqdan uyquga ketdim.

29.12.2013.

Комментариев нет:

Отправить комментарий