понедельник, 10 ноября 2014 г.

Atamanka


Ikkinchi jiyanim garchi qiz bola bo'lsa ham ayrim o'g'il bolalarni "nol"ga qoldiradigan shijoati, shumtakaligi bor. Uni "Atamanka" deyman. Bir joyda umuman o'tirolmaydi. Mabodo bog'lab qo'ysanagiz ham hech bo'lmaganda oyoqlarini patirlatib, tinch turmasa kerak.

Opasidek ovqat tanlamaydi, yegisi kelsa, kelib o'zi yeydi, yoqmasa opasinikini yig'latib bo'lsayam almashtirib oladi. Injiqlik qilish unga mutlaqo yot. Umuman olganda hamma narsani o'z foydasiga hal qilib ketoladigan malades qizcha.
Uning yig'laganini kamdan-kam ko'rishingiz mumkin.

Katakdan xo'rozlardan man qo'rqib ololmagan tuxumlarni bemalol olib chiqadi, ilonni borligini ko'rib man kira olmagan bo'yi qatori beda ekilgan yerga sakrab payhon qilib chiqadimiyey.

Bir gal tovuqlar tuxum tug'maganligini ko'rib, mana senlarga tug'maganing uchun deb suviga tosh to'ldirib qo'yibdi. Bu zig'irdakkina jonning o'ch olishni qayerdan o'rganib olibdikana deb biz kattalar qoyil qoldik ishiga :)
Uyimizda uning "jo'ra"si dadam. Dadam ham uni "do'stim" deb chaqiradilar. Mashinaga chiqib olib "man bobojonim bilan ketaman" deb birga istalgan joyga ketaveradi. Dadam machitga borganlarida esa uni zo'rg'a avrab olib qolamiz.

Umuman olganda domdan hovlida yashash unga yaxshi, biznikidan ketgisi kelmaydi. Magazinimizdan istalgan o'yinchoqni olib o'ynaydi, yegisi kelgan narsani bemalol tanlab olaveradi. Ustiga ustak hamma yaxshi ko'rib erkalasa kimniyam ketgisi kelardi.




Yaqinda dadam mana shu 4 yoshli jiyanimning: "Bobojon Amir Temurni kim o'ldirgan?" deb so'rab qolganini, ular uni birov emas, o'zi qarib o'lganini aytibdilar. Shunda jiyanim "Bobojon sizam o'lasizmi?", "ha, bir kun manam qarib o'laman" degan javobni olgach, "o'lmang" deb ko'zidan yosh chiqib, teskari egilib yig'lab olganini aytib qoldilar. Bu gaplarni ayta turib dadamning ko'zlarida qizirishni sezdim, o'zim ham boshqacha bo'lib ketdim.


Esimda bundan 18yil oldin, uyimiz pasti podvol qismida oshxonamiz joylashgan bo'lib, chap tomonda tapchan(bizda shunday deyishadi, boshqalarda bilmadim) bor edi. Ovqatlarni ayam bilan birga qilardik.

Mani yordamim: tinmay gapirardim, savol berardim, ayam oshxona ishlarini qilardilar.O'shanda tapchanda o'ynab o'tirib, bir savolni berganman, buni birov aytmagan bo'lsayam qanday va qayerdan kelgainin bilmadimu, lekin o'ksib-o'ksib yig'laganim haliyam esimda.

"Ayajon man katta bo'lsam keyin siz o'lasizmi, man bir o'zim qolib ketamanmi?", Ayamdan yo'q degan javobni kutganmiman yoki onalar bir umr bolalari uchun boqiy yashaydi deb o'ylaganmiman, oldin manga qarab, sekin jilmayib "ha qizim" degan javobni eshitganimda tapchanimizga ikki kaftim ustiga boshimni qo'yib olib titrab-titrab, nafaslarim ichimga tushib yig'laganlarim haliyam esimda. O'shanda ayam oldimga kelib, "Ungacha ohhooo aaancha yil bor qizim, ko'p yashayman, san bor bo'lsan, man bor bo'laman, qarib kampircha bo'lib qolganimda mani ko'rgani kelib turasin" degandilar.

2-3 oyni hisobga olmaganda man deyarli bog'chaga bormaganman. Uyda faqat ikkalamiz bo'lardik. Ayam hindcha qo'shiqlarni zo'r aytardilar, ko'p eshitganlarimni ba'zan o'zimcha buzib bo'lsayam "po fonom" qo'shilishib kuylardim.

Har safar qozonda ovqatdan oldin qovurgan go'sht bo'lakchalaridan sho'rtakkina qilib manga berardilar. Ish qila turib ham man bilan gaplashib she'rlar yodlatardilar. Maktabga erta chiqishimga asosiy sabab aynan ayam bo'ladilar.

Ayajonim ba'zi onalarga o'xshab ko'chada soatlab xotinlar bilan gaplashib o'tirmasdilar. Butun e'tiborlari farzandlarida edi. Xuddi akam, opam kabi mangayam yozishni, rasm chizishni o'zlari o'rgatganlar. Maktabga tap-tayyor bo'li borganman.

Hozirda rasmlarni yaxshi chiza olishimdayam ayamning hissalari katta. Opam va akam maktabga kelishguncha ularga atab kulgili she'rlar yozardik. To'g'ri shoirlarnikidek o'ta qofiyabop bo'lmasayam ammo zo'r chiqardi. Ular maktabdan kelishganda o'qib mazza qilib kulardik.

Ayajonim juda ta'sirchanlar. O'sha paytlari Ohunjon Madaliyevni ko'p eshitardik. Adashmasam bahorning oxirgi oyi, yoki iyundami ko'rpacha qavib o'tirib, Ohunjonning o'lgan bolasi Javohirga atab

"Javohirim jon tomirim,
So'zlaringni sog'indim men.
Bir juftgina ko'zmunchoqdek,
Ko'zlaringni sog'indim men."


ashulasini eshitib, ukam uchun atab qo'ygan ismdan voz kechgandilar.

Oramizda 7yil farq bilan iyul oxirida ukam tug'ildi. Unga boshqa ism qo'ydilar. Haya maniyam ismimni ayam qo'yganlar. Ko'zlari chiroyli, yuzlari tip-tiniq bir qizga judayam havaslari ketib unga o'xshashimni xohlabmi uning ismini manga qo'yganlar.

Ayamni sog'indim. Bularni yoza turib sog'inchim yanayam oshib ketdi. Sog'inib ko'ra olmaslik biram azobki. Buni telefon qo'ng'irog'iyam bosolmaydi. Bag'irlari, ona quchog'i kerak.


Eng yoqimli, eng ajoyib, eng masrur va eng eng eng yaxshi va unutilmas beg'ubor damlarim o'sha paytda kechgan. O'sha paytdan qolgan hatto xotiralarimni ham tillolarga alishmayman.

Bu (livejournal) jonli jurnaldagi ilk postim, nimani o'ylagan, nimani sog'ingan bo'lsam faqat shularni yozdim. Rosti bolaligimni judayam sog'indim. Judayam. Buni qanchalik ekanligini so'z bilan ifodalay olmayman. Imkoniyat bo'lganda ikkilanmay bir fursat qaytib, diydoriga to'ysam, sog'inchim qonsa.


Garchi uzoqda bo'lsam ham ayajonimni o'zing asragin, umrlarini ziyoda qilgin. Olti yil o'qitib, aqalli bir oy rohatimni ko'rmay darrov uzatib, o'zlarini o'ylamay, doim bolam kulsin, bolam baxtli yashasin deb harakat qiladigan ayajonimni umrlarini ziyoda qilgin.

Bolaligimda aytganimdek "Sizni osmongacha, toqqacha yaxshi ko'raman!"

Комментариев нет:

Отправить комментарий