среда, 5 ноября 2014 г.

Zardoli

Daraxt haqida o’ylaganimda ko’proq bolaligimda yozda mevalari paqqos tushiraladigan, oftobda tilladek yal-yal yaltiraydigan o’rik daraxtimiz yodimga tushadi.
Hovlimizda daraxtlar judayam ko’p. Uyimizga kelgan har qanday odamning e’tiborini tortadi. Mehmonlarimizdan doim eshitadigan bir xil gap bor: “Hech shubhasiz, hovlingiz xuddi boqqa o’xshaydiya!” 

Haqiqatan ham dadamning daraxtlarga bo’lgan mehr-muhabbatlari, sa’y-harakatlari bilan har qaysi mevaning eng yaxshi turidan ko’chat olib kelib ekib, ularni parvarishlab, payvandlab, unib o’stirganlar. Mevalarning ta’mini bilish, maza qilib yeyish esa bizning yumush edi.☺
Menga hammasidan ham ko’ra o’rik daraxtimizdagi dadam qilib bergan arg’imchoq judayam yoqardi. Uzun va baquvvat ip bilan qilingan hamda o’zimga mos qilib yasalgan qizil mitti o’tirg’ichi bor bu arg’imchoq bolalagimni va ukam bilan talashib-tortishib o’tkazgan yoqimli damlarimni eslatadi.
Tabiatan qo’rqinchli, dahshatli narsalarga o’ch qizaloq bo’lganligim boismi, qattiq va baland uchishdan aslo cho’chimasdim. Qaytanga bu meni zavq-shavqqa to’ldirardi. “Yana, yana, yanayam qattiqroq!” bu meni doimiy takrorlaydigan so’zlarim edi.

Mana yillar o`tdi, men ulg'ayganim sari qadrdon o`rigim qarib bordi. Avval shoxlari, keyin butun tanasi kesildi. Daraxt tanasini mana mayda-mayda bo’laklarga bo’lib, hovli to’riga joyashtirib ham qo’yishdi.

Arg’imchoq ham endi yo’q. Bor ammo aynan o’rik daraxtida emas. Boshqa yosh daraxtda.

Uning foydalanuvchilari ham endi boshqa.

Egalari boshqa. Ularni tomosha qilaman.

Jiyanlarimga havasim keladi.


Hayot ham daraxtlar yosh nihollarga o`rin bo`shatib berganidek shu zaylda davom etaveradi...








Комментариев нет:

Отправить комментарий