“So’z — insonga dilidagi fikrni yashirmoq uchun ato etilgan”
воскресенье, 30 ноября 2014 г.
KUMUSH
QISH
Bolaligimdan qishga mehrim bo'lakcha. Buni ko'p takrorlayverganimdanmi, "Mabodo
qishda tug'ilmaganmisiz?" degan savolni ko'p eshitaman. Yo'q, qish fasli ostonasiga
atigi bir hafta qolay deganda dunyoga jar solib tug'ilganman. Oyimning aytishlaricha,
men tug'ilgan kunda qalin qor yoqqan, havo judayam sovuq, yerlar ustma-ust
yoqqan qordan yurib bo'lmas darajada muz bo'lgan ekan. Men ana shunday ayozli
kunda tug'ilganman. Balki shuning uchunmi, tug'ilganimdan tiniq, qishning
musaffo sovuq nafasini tuyib, kumush faslga mehrim tushib qolgandir.
Maktabdavrimda ham sinfdoshlarim bilan maza qilib, sirpanchiq
uchib, qorbo'ron o'ynardik. Qorning yog'ishini barcha bolalar kabi biz sinfdoshlar
ham intiqlikbilan kutganmiz. Qalin qor
yoqqan kun biz uchun bayram edi.
Esimda,
pushtirang qo'lqopim bo'lardi, uni judayam yaxshi ko'rardim. Oyim har doim
kiydirib qo'yib, yechmasligimni qattiq tayinlardilar.
Hozir
ko'plab uylar qurilgan, avvallari keng dala bo'lgan maktabdan qaytishdagi
yo'limizda qalin qor ustida yotib, qorbo'ron o'ynab bir-birimizning ichimizni qorga to'ldirardik,
yuzlarimiz naqd qip-qizil shaftoliga aylanardi. Qorbo'rondan charchaganimizdan
so'ng barchaga tanish multfilm bo'lgan "Sohibjamol va Mahluq" dagi sevimli
qahramonimiz Bell qilgandek biz ham kapalak tasvirini qalin qor ustida aks
ettirar edik. Kimniki chiroyli chiqsa o'shaniki qolardi. Qolganini buzib tashlardik.
Yillar
o'tdi, ulg'aydik, negadir Universitetda o'qigan paytlarimni eslaganimda ham ko'proq qishki damlar ko'z oldimga kelaveradi.
Esimda,
u bilan 1-uchrashuvimiz ham qishda bo'lgan. Atrof oppoq, qorga burkangan. Qarshimda
u, doimgidek o'ziga yarashgan tabassumi bilan. Shunda orqasidan yashirib
turgan, men uchun olib kelgan yagona qip-qizil atirgul g'unchasini uzatadi. Xursandligimning cheki yo'q. E'tibordan ham bahtiyorman. Eng muhimi esa u
yonimda. Bu holatni sira esimdan chiqarmasam kerak.
Mana
oradan ancha yillar o'tdi. bir emas, bir necha qishni kuzatdik. Ayni damda yana
kumush qish bag'ridamiz. Qishginamning yaltiroq, betinim yoqqan qori yana
bag'rimni to'ldiradi, xotiralarni qo'zg'aydi, dilga umidlar soladi,
yaxshiliklarga yetaklaydi.
Qorni
yaxshi ko'raman. Judayam. Kaftimga soatlab tutib turib, uni tomosha qilgim keladi.
Garchi kaftimda erib, mendan qochsada, lahzada bir olam quvonch baxsh eta
oladi. Kumush qishimni mana shunday yaxshi ko'raman.
Kumush mitti qor parchalarini undan ziyoda sevgum.
Feruzaxon
Boboxonova
среда, 12 ноября 2014 г.
"Ba Xudo!"
Har yarimta
gapida bitta Ollohni qo’shib gapirdiganlardan jahlim chiqadi. Ey banda Ollohni
tinch qo’y, san o’zingga javob ber. Nima qilasan har narsaga uni nomini
aralashtirib, behuda bezovta qilib. U sani yuragingda bo’lsin yuragingda.
Birovlarga e’tiqodingni ko’z-ko’z qilishing uchun emas, yurakdan uni borligini
his qilishing kerak.
Haliyam esimda
fakultetdan kursdosh qizlar dars tugab uyga qaytayotgan edik, yo’limizda
tuppa-tuzuk kiyingan qora-qosh ko’zli kelishgan bola turgandi. U bizga yuzlanib
gapira boshlagani sabab besh qiz ham u nima deyarkan deb qaraganimizda: “yaxshimisizlar,
iltimos menga yordam berib yuboringlar bor-yo’g’i 3000 so’m kerak, men asli afg’onistondanman,
pasportim qolib ketgan, bu yerdan ketolmayabman, uyga qo’ng’iroq qilib
uydagilarimga aytishim uchun pul judayam zarur bo’lib qoldi, iltimos qilaman, telefon
nomerlaringga keyin qaytib tashlab yuborardim” dedi. Ochig’i binoyidek
turishiga qarab hammamiz taajjublandik. Musofir ekan deb, uning ustiga o’g’il
bolaning bunaqa yalingannamo turishi judayam ta’sir qildi, rahmimiz keldi. Bir kursdoshim
1000, yana bittasi 2000 berdi. Pulni olgcha, endi telefon nomerlaringni yozib
beringlar dedi, kursdoshlarim yo’q qaytarishiz kerakmas deyishdi, keyin u pulni
olganidek qattiq xursand bo’lib ketdimi, rahmat aytib, bir qo’lini tepaga ko’tarib
“Ba Xudo!” dedi. Boshqalarni bilmadimu bu gapi manga judayam ta’sir qilib
ketdi. Rosti manam pul bermaganimga afsuslandim.
Mana shu “Ba Xudo!” degan gapi
nimagadur har eslaganimda haliyam qulog’im ostida eshitilib turadi.
Shu voqea
bo’ldiyu, oradan ancha vaqt o’tib ketdi. Esimizdan ham chiqib ketgan ekan. Bir kun
darsdankeyin tanaffusda Barno degan
kursdoshimiz aytib qoldi “Qizlar esinglardami, anuv kungi afg’on bola borku,
qarindoshlarim, jiyanlarim bilan aylanishga chiqqandik, yana oldimizdan chiqib
qolib, o’sha kuni bizga nima degan bo’lsa, xuddi o’sha gaplarini aytib pul so’radi,
-deb qoldi, – shu gapiga uni boplab so’kdim, indamay ketdi.
Barno kursdoshimiz
tabiatan o’g’ilbolasifat qiz edi. Ichidagi gapini shat-shart aytardi. Qizlar: “O’tgan
gal pul berganingda sani eslab qololmagan ekanda” deb qoldik.
Qayerdanam
eslab qolsin, doimiy soxta tilanchiligi shu bo’lsa, agar bir martalik muhtoj
payti yordam qilgan odamni ko’rinishini esdan chiqarmagan bo’lar edi.
Iltimos
qilaman Olloh nomini bunchalik xor qilmang…
понедельник, 10 ноября 2014 г.
Atamanka
Ikkinchi jiyanim garchi qiz bola bo'lsa ham ayrim o'g'il bolalarni "nol"ga qoldiradigan shijoati, shumtakaligi bor. Uni "Atamanka"
deyman. Bir joyda umuman o'tirolmaydi. Mabodo bog'lab qo'ysanagiz ham
hech bo'lmaganda oyoqlarini patirlatib, tinch turmasa kerak.
Opasidek
ovqat tanlamaydi, yegisi kelsa, kelib o'zi yeydi, yoqmasa opasinikini
yig'latib bo'lsayam almashtirib oladi. Injiqlik qilish unga mutlaqo yot.
Umuman olganda hamma narsani o'z foydasiga hal qilib ketoladigan
malades qizcha. Uning yig'laganini kamdan-kam ko'rishingiz mumkin.
Katakdan
xo'rozlardan man qo'rqib ololmagan tuxumlarni bemalol olib chiqadi,
ilonni borligini ko'rib man kira olmagan bo'yi qatori beda ekilgan yerga
sakrab payhon qilib chiqadimiyey.
Bir gal tovuqlar tuxum
tug'maganligini ko'rib, mana senlarga tug'maganing uchun deb suviga tosh
to'ldirib qo'yibdi. Bu zig'irdakkina jonning o'ch olishni qayerdan
o'rganib olibdikana deb biz kattalar qoyil qoldik ishiga :) Uyimizda uning "jo'ra"si dadam. Dadam ham uni "do'stim"
deb chaqiradilar. Mashinaga chiqib olib "man bobojonim bilan ketaman" deb
birga istalgan joyga ketaveradi. Dadam machitga borganlarida esa uni
zo'rg'a avrab olib qolamiz.
Umuman olganda domdan hovlida yashash
unga yaxshi, biznikidan ketgisi kelmaydi. Magazinimizdan istalgan
o'yinchoqni olib o'ynaydi, yegisi kelgan narsani bemalol tanlab
olaveradi. Ustiga ustak hamma yaxshi ko'rib erkalasa kimniyam ketgisi
kelardi.
Yaqinda dadam mana shu 4 yoshli jiyanimning:
"Bobojon Amir Temurni kim o'ldirgan?" deb so'rab qolganini, ular uni
birov emas, o'zi qarib o'lganini aytibdilar. Shunda jiyanim "Bobojon
sizam o'lasizmi?", "ha, bir kun manam qarib o'laman" degan javobni
olgach, "o'lmang" deb ko'zidan yosh chiqib, teskari egilib yig'lab
olganini aytib qoldilar. Bu gaplarni ayta turib dadamning ko'zlarida
qizirishni sezdim, o'zim ham boshqacha bo'lib ketdim. Esimda
bundan 18yil oldin, uyimiz pasti podvol qismida oshxonamiz joylashgan
bo'lib, chap tomonda tapchan(bizda shunday deyishadi, boshqalarda
bilmadim) bor edi. Ovqatlarni ayam bilan birga qilardik.
Mani
yordamim: tinmay gapirardim, savol berardim, ayam oshxona ishlarini
qilardilar.O'shanda tapchanda o'ynab o'tirib, bir savolni berganman,
buni birov aytmagan bo'lsayam qanday va qayerdan kelgainin bilmadimu,
lekin o'ksib-o'ksib yig'laganim haliyam esimda.
"Ayajon man
katta bo'lsam keyin siz o'lasizmi, man bir o'zim qolib ketamanmi?",
Ayamdan yo'q degan javobni kutganmiman yoki onalar bir umr bolalari
uchun boqiy yashaydi deb o'ylaganmiman, oldin manga qarab, sekin
jilmayib "ha qizim" degan javobni eshitganimda tapchanimizga ikki kaftim
ustiga boshimni qo'yib olib titrab-titrab, nafaslarim ichimga tushib
yig'laganlarim haliyam esimda. O'shanda ayam oldimga kelib, "Ungacha
ohhooo aaancha yil bor qizim, ko'p yashayman, san bor bo'lsan, man bor
bo'laman, qarib kampircha bo'lib qolganimda mani ko'rgani kelib turasin"
degandilar.
2-3 oyni hisobga olmaganda man deyarli bog'chaga
bormaganman. Uyda faqat ikkalamiz bo'lardik. Ayam hindcha qo'shiqlarni
zo'r aytardilar, ko'p eshitganlarimni ba'zan o'zimcha buzib bo'lsayam
"po fonom" qo'shilishib kuylardim.
Har safar qozonda ovqatdan
oldin qovurgan go'sht bo'lakchalaridan sho'rtakkina qilib manga
berardilar. Ish qila turib ham man bilan gaplashib she'rlar
yodlatardilar. Maktabga erta chiqishimga asosiy sabab aynan ayam
bo'ladilar.
Ayajonim ba'zi onalarga o'xshab ko'chada soatlab
xotinlar bilan gaplashib o'tirmasdilar. Butun e'tiborlari farzandlarida
edi. Xuddi akam, opam kabi mangayam yozishni, rasm chizishni o'zlari
o'rgatganlar. Maktabga tap-tayyor bo'li borganman.
Hozirda
rasmlarni yaxshi chiza olishimdayam ayamning hissalari katta. Opam va
akam maktabga kelishguncha ularga atab kulgili she'rlar yozardik.
To'g'ri shoirlarnikidek o'ta qofiyabop bo'lmasayam ammo zo'r chiqardi.
Ular maktabdan kelishganda o'qib mazza qilib kulardik.
Ayajonim
juda ta'sirchanlar. O'sha paytlari Ohunjon Madaliyevni ko'p eshitardik.
Adashmasam bahorning oxirgi oyi, yoki iyundami ko'rpacha qavib o'tirib,
Ohunjonning o'lgan bolasi Javohirga atab
"Javohirim jon tomirim, So'zlaringni sog'indim men. Bir juftgina ko'zmunchoqdek, Ko'zlaringni sog'indim men."
ashulasini eshitib, ukam uchun atab qo'ygan ismdan voz kechgandilar.
Oramizda
7yil farq bilan iyul oxirida ukam tug'ildi. Unga boshqa ism qo'ydilar.
Haya maniyam ismimni ayam qo'yganlar. Ko'zlari chiroyli, yuzlari
tip-tiniq bir qizga judayam havaslari ketib unga o'xshashimni xohlabmi
uning ismini manga qo'yganlar.
Ayamni sog'indim. Bularni yoza
turib sog'inchim yanayam oshib ketdi. Sog'inib ko'ra olmaslik biram
azobki. Buni telefon qo'ng'irog'iyam bosolmaydi. Bag'irlari, ona
quchog'i kerak.
Eng yoqimli, eng ajoyib, eng masrur va eng
eng eng yaxshi va unutilmas beg'ubor damlarim o'sha paytda kechgan.
O'sha paytdan qolgan hatto xotiralarimni ham tillolarga alishmayman.
Bu (livejournal) jonli jurnaldagi ilk postim, nimani o'ylagan, nimani sog'ingan bo'lsam faqat shularni yozdim.
Rosti bolaligimni judayam sog'indim. Judayam. Buni qanchalik ekanligini
so'z bilan ifodalay olmayman. Imkoniyat bo'lganda ikkilanmay bir fursat
qaytib, diydoriga to'ysam, sog'inchim qonsa.
Garchi uzoqda bo'lsam
ham ayajonimni o'zing asragin, umrlarini ziyoda qilgin. Olti yil
o'qitib, aqalli bir oy rohatimni ko'rmay darrov uzatib, o'zlarini
o'ylamay, doim bolam kulsin, bolam baxtli yashasin deb harakat qiladigan
ayajonimni umrlarini ziyoda qilgin.
Bolaligimda aytganimdek "Sizni osmongacha, toqqacha yaxshi ko'raman!"
воскресенье, 9 ноября 2014 г.
Qishki ta’til (yo’l ocherki)
Har
gal shunaqa ta’tilga oz fursat qoldi deguncha, garchi uyimni qattiq sog’ingan
bo’lsamda Toshkentni tashlab ketgim kelmaydi. Qachon dekabr oxirlarkan
deb kun sanayotgan qiz, go’yo men emasdek…
Yo’l tadorigini ko’rib, narsalarimni tayyorlar ekanman, kechagi kun ko’z oldimdan birma-bir o’ta boshladi.
3oylik maosh. Soxta muharrir, chayqovchi.
Yangi
yil munosabati bilan ishxonamiz jamoasiga atab muasissimiz tomonidan
katta dasturxon yozildi, ancha-muncha ko’zga ko’ringan taniqli mehmonlar
tashrif buyurib, jonli ijro, yaxshigina o’yin-kulgu ham bo’ldi. Bir
so’z bilan aytganda hammamiz mazza qilib dam oldik. Bu xursandchilikning
kulminatsiyasi bu bayramdan keyingi 3 oylik
maoshimizni olish edi. Har galgidek muharririmiz bermoqchi bo’lgan
maoshimizni xonada turganligini aytdi. Nafasidan shundoq ichkilikning
hidi ufurib turardi. Lafzini ushlolmaydigan bu odamning ahvoli bir qur
miyamda unga nisbatan shakllangan salbiy sifatlar sonini yana bittaga
ko’paytirib yubordi.
Xullas,
har safargi quruq va’daga o’xshasada, bir olam umid bilan kech
bo’lishiga qaramay, ishxona tomon hamkasblar bilan birga yo’l oldik.
Afsus, eski hammom eski toz. Yana yolg’on va’da xonada hechqanaqa oylik
olib kelinmagan, buni sezdirmaslik va umuman berish niyatida bo’lmagan
bu odam hech qilmagan ishini qilib yubordi: shuncha payt esiga kelmagan,
ahvol qanday deb qiziqmagan muharririmiz bafurja o’tirvolib, hamma
mayda-cho’ydasigacha o’zicha kamchiliklarni ochib-sochib tashladi.
Boshida sezilmagandi, endi gaplaridan aniq bildimki, bu vijdonsiz
odamning yana bir nayrangi, maoshni bermaslik uchun ayni o’ylab topgan
yana bir usuli edi.
Xiyla.
Bo’lmasa shu kunga qadar ahvol bilan qiziqmagan
odam, birdaniga osmondan tushgandek bayram kuni boshimizga g’urbat
yog’dirib o’tiribdi. “Unday qilmagansan, bunday qilmagansan”. “Shuncha
payt qayerda eding?” deydigan odam yo’q! U aytgan gaplarni boshida jim
eshitdim, tabiatan nohaqlikni ko’tarolmayman, picha chidadimu keyin
menam uning gaplariga isbot-dalil keltirib, dizaynerning pulini bermagani uchun u ham o'z ishini vaqtida qilmagani, gazeta
ishini rezinkadek cho'zgan aynan o'zi ekanligi, ishga kelmay "Ippodrom"
bozorida o'z biznesi bilan andarmon bo'lib, bir ishni eplolmay ustiga
bizniyam vaqtimizni o'g'irlaganini shartta-shartta aytdim. Yo’q,
u bilan murosaga kelib bo’lmadi. Aybni hammasini bizga to’nkab
tashladi. Oldin kayfiyatim, keyin asabim buzildi. Xullas, oxirida ortiq
chidolmadim, narsalarimni oldimu “oyliging boshingdan qolsin” deya
chiqib ketdim. Yo’lma-yo’l hamma aytgan gaplari bir-bir miyamdan o’tar
ekan, ketgan vaqtimga, qadrimga achindim. Xulosam shu bo’ldiki: fidoiylik vijdonsizlar qo’lida hechqachon qadrlanmas ekan.
Xullas,
uyga qaytganimdan keyin viloyatdagi uyimga ketishga qaror qildim. Ortiq
bu yerda qolgim kelmay qoldi. Taksi chaqirdim. Hamma hayron “Ketish niyating yo’q ediku?”. Shunday
odatim bor: har safar miyamga bir fikr keldimi, uni amalga oshirmay
qo’ymayman. Hechkim qaytarolmaydi. Uyga ketish harakati bilan hamma
narsalarimni sumkaga joylab, zumda tap-tayyor bo’ldim. Telefonim
jiringlab qoldi. Ayamga borishimni, yo’lga chiqayotganimni aytdim. “Ishingni tugatdingmi, buncha yaxshi, qaytasanmi qizim?”
ovozlaridan xursandliklari shundoq bilinib turardi, rosti meniyam
kayfiyatim ko’tarildi. Seni kimdir sog’inib kutib tursa, inson kerak
ekanligini his qilishi naqadar baxt. Oldinlari ham ta’til kelishini kun
sanab, mendanam ko’proq kutgan ayajonim bo’lsalar kerak!
Viloyatlaro xayol.
Taksi
keldi, mashinaga narsalarimni joyladik. Sergelidan yan ikkita talabani
olib, yo’lga tushdik. Orada yaqinda tanishgan do’stim “OriyatDono”
radiosida ishlashi va bugun efiri borligi esimga tushib ketdi. Mana
soat ikki bo‘lishiga oz vaqt bor. Naushniklarni telefonga uladim va kuta
boshladim. Aksiga to’lqin tiniq olmadi. Ovozini yanayam yaxshiroq
eshitay deb, bir qo’limda telefonimni ko’tarib antenna qidira boshladim.
Befoyda. Keyin so’rab bilsam, biroz tiniq emasligiga sabab: radioning 75metrli o’z
antennasi bo’lib, stansiya hovlisida qurilgan, boshqa radiolarga
o’xshab, ijaraga Teleminora yuqorisiga o’rnatilmagan ekan. Sergelidan
o’tib, katta yo’lga chiqarkanmiz, har doimgidek eson-omon yetib olish
uchun duoga qo’l ochdik. Xudo yo’limizni bexatar qilsin… Omin.
Uzoq
manzilga ketishning o’zgacha gashti bor, soatlab mashina oynasidan
atrofga qarab, istaganingcha xayol surishing mumkin. Butun umringni
sarhisobini qilishinggada yetadigan vaqt bor. Kechagi voqeani
eslamaslikka harakat qildim. Chalg’ish maqsadida sheriklarimni kuzatdim.
Yonimda bir qiz va uning yonida bir bola, kursdoshlar ekan.
Yo’l-yo’lakay sezdimki, ikkalasining ham bir-biriga ko’ngli bor.
Ularning suhbati qizib ketdi, biri qaysi fanini yopish qancha tandir
go’shti olib borganini aytsa, biri “tanka”si kimligini va qanaqa yordam
berganini aytib maqtanib yotibdi. Ularni eshitaturib, ichimda ensam
qotadi. Biz o’qiganimizda biror domlaga bir so’m bermagandik, senlar
o’zing o’qimasang kerak. O’zimcha xulosa qilaman. Har holda man
magistrant, ular esa hali 1-kurs, ularga nisbatan ko’proq kiyim
yirtganman. Xulosamdan kulgum qistaydi. Shularni o’ylab xayol
qilarkanman: qizning birdan qo’rqqan ovozi xayollarimni tarqatib
yubordi. Yonidagi bola qo’l telefonidan qo’rqinchli video ko’rsatgan
shekilli. Kulgim keldi. Ular tomon qaraganimgami, “sizam ko’ring” deb,
telefonni uzatishdi. Ko’rdim haqiqatan, oxirida menam, biroz qo’rqdim.
Shu orada ular bilan tanishishga fursat bo’ldi. …Aytishdi, manga esa “Yosh ko’rinar ekansiz, kichkina kurssiz deb o’ylagandek” deb, deyarli ko’pchilikdan eshitadigan gapimni aytishdi. Javoban kulib qo’yaqoldim.
Non. Qovun. Yulduz Usmonova.
Ana
mana deb Sirdaryoga ham yetib keldik. Sirdaryoning qovunlari, xuddi
Samarqand nonlaridek dunyoga mashhur. Ularni tomosha qilib o’tib
ketarkanmiz, “juda shirin bo’lsa kerak”,
o’zimcha xayol qilaman yam-yashil bodringdek qovunlarga qarab, lekin
ayni damda havo sovuqligi qovun sotib olish ishtiyoqimni so’ndiradi.
Qovun bo’lagini yeyishni bir tasavvur qilib ko’rdim, qildimu tishlarim
yaxlab qoldi. Sirdaryoniyam ortda qoldirib Jizzax tog’laridan o’tamiz,
telefonimga qarab qo’yaman, antenna yo’qoldi. Mashinada esa Y.Usmonova “Gulisan”
deb jon-jahdi bilan kuylayapti. Eshitgandim, Yulduz aynan shu
qo’shig’ini ayrim manfaat yuzasidan aytgandi deb, aksiga u najot izlagan
odam o’zi najotga muhtoj ahvolga tushib qoldi. Essiz, o’ylagani besamar
qolib ketdida…
Tag’inam xudo biladi, balki unaqa emasdir. Birma-bir
shularni xayol etar ekanman, orada biroz mizg’ib ham olibman. Endi biz
Samarqandning non bozoridan ham o’tib, uning purviqor tog’lariga duch
kelib qolgandik. Bu yerning havosi butkul farq qilardi, qor shunaqangi
bo’ralab yog’ar, qalin tuman, sirpanchiq yo’l, agar mashina bir muddat
to’xtasa pastda qolib ketishi muqarrar edi. Katta tezlik va xushyorlik
bilan, tog’ning o’rtasi, eng yuqori nuqtasiga chiqib oldik.
Men
endi qoyil, shuncha mashinalar qolib ketganini ko’rdik, bizniki chiqib
ketdi deb xursand bo’lib turgandim, aslida dahshatlisi endi oldinda
ekanligini xayolimga ham keltirmagandim. Ozroq tin olaylik, endi yuramiz
deb qo’zg’algandik ham, shofyorning noto'g'ri harakati, tezlik bilan
tormozni bosishi oqibatida mashina sirpanib, aylanib ketib, teskari
yo’nalishga
o’tib qoldik. Haydovchimiz dahshatga tushib, bizning ham ovozimiz
chiqmay qoldi. tog'ning qirrasiga kelib qolgandik. Haliyam Xudo asradi.
Tushib ketsak, sog' emas tirik qolmasligimiz turgan gap edi. Shofyor
ko’p avtohalokatga uchragan, ayni damda yana bir nima
bo’lishidan qo’rqib, “umuman haydamayman” deb turib oldi. Yaxshiki
mashina baloni yangi, uni ustiga zanjir kiydirilgan bo’lsada, dahshatli
avtohalokatlar uni qattiq qo’rquvga solib qo’ygandi, chamamda. O'ziyam
tog’ning
qoq tepasidamiz.
Shu payt “Oq Lasetti” o’tib, rulni boshqarolmay yonginamizdan o’tib, pastga bir oyogi tushib ketdi. Buni ko’rib, qo'rqanimdan gapirib yubordim: “ey Xudoyim!” Yigirmatacha
odam tezlik bilan yugurib borib, uni itarisha boshlashdi, ancha
urinishdan keyin shukrki chiqarib olishdi. Ko’z oldimizda bir nechta
mashinalarning bu ahvolini ko’rib, yurish yoki yurmasligimizni bilmay
qoldik. Ikki soatdan ko’p vaqt qolib ketdik. Birov kelib, pastda 9tacha
mashina bir-biriga chunonam urilganki, ular ketma-ket zanjirdek bo’lib
yotipti dedi.
Baxtni qarangki, biz turgan joyda antenna bor, uydagilar
tinmay qo’ng’iroq qilib, ahvolni so’rab surishtirib turishipti. Aksiga
ularniyam o’ylovga qo’ydim deb ichimda o’ylayman. Hadeb o’tiravergandan
ezilib ham ketdi odam. Sovuq bo’lsada, yo’lda mashina yo’qligiga qarab,
eshikni oldin qiya ochib, keyin o’zim ham tushib, tashqarida biroz
yurdim. Haydovchining o’g’li kelmaguncha shu zaylda o’tirdik. U kelgach,
o’g’li: “o’zim haydayman”, — dedi, hartugul endi yana yura boshladik, naqd bir yarim soat deganda pastga tushdik va “Men mashinada o’tirolmayman, qo’rqyapman, o’zim piyoda tushaman”, deb tepada qolgan haydovchi amakini pastda kuta boshladik. Kuchli stress uni dahshatga solib qo’ygandi. Yana “Bismilloh” deb
yo’lga tushdik.
Butun fikri xayolim uyga tez va eson-omon yetib borish va oyoqni
uzatib dam olish edi. Chunki 9soatdan beri harakatlanmagan
oyoq-qo’llarim qotib qolgan, ustiga-ustak qornim judayam och edi.
Telefon tinmas, yaqinlashib qoldinglarmi degan gapni takror eshitardim,
telefonim ham 9 soatlik uzlatga dosh berolmay, zaryadini yo’qotgan,
qip-qizarib qolgan edi.
Diydor.
Va nihoyat, 10 soat deganda Shahrisabzga kirib keldik, uyim tomon yo’l olarkanmiz. Ichimda shukrona keltirardim. “Xudoga shukr, O’zingga shukr Xudoyim”. Soatga qarayman 00:07, 14larda
chiqqandik yo’lga, naqd 10 soatda kelibmiz. Bunaqasi aslo bo’lmagan.
Haqiqiy sensatsion ko’rinish. Qoyil, besh soatli yo’lni ikki barobar
ko’p vaqtda bosib o’tibmiz. Darvozani dadam ochdilar, ko’rishdik,
bag’irlarida o’zimni biram bexavotir va himoyada sezdimki hammasi
esimdan chiqip ketdi. Uyga kirarkanman, ayajonim haliyam kutib uxlamagan
ekanlar, yaxshilab diydor ko’rishib bo’lgach, manga atalgan o’ringa
o’zimni tashladim. Bir qur miyamdan kecha va bugungi kundagi hamma
voqealar ko’z oldimdan o’tdiyu, qattiq charchoqdan uyquga ketdim.